Huquqiy savodxonlik nima?

Ma’lumki, xavfsizlik va har qanday huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi samarali kurashishda har birimiz uchun birinchi navbatda ogohlik va huquqiy savodxonlik zarur. Inson savdosi kabi oʻtkir global muammo haqida gap ketganda, huquqiy savodxonlik alohida ahamiyatga ega.

Shu oʻrinda qonunchiligimizda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar uchun qanday jazolar nazarda tutilganini bilish muhim. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasida koʻrsatilgan.

135-modda. Odam savdosi

Odam savdosi, ya’ni odamni sotib olish-sotish yoxud uni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilib olish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shu harakatlar:

a) oʻgʻirlash, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qoʻllash orqali;

b) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;

d) aybdorga moddiy yoki boshqa jihatdan qaram boʻlgan shaxsga nisbatan;

e) takroran yoki xavfli retsidivist (jinoyatchi va avval sudlangan shaxs) tomonidan;

f) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;

g) xizmat mavqeidan foydalangan holda;

h) jabrlanuvchini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib oʻtgan holda yoki chet elda noqonuniy ushlab turgan holda;

i) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, shuningdek, jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qoʻyish, yashirish yoki yoʻq qilish bilan;

j)inson a'zolarini va (yoki) toʻqimalarini transplantatsiya qilish maqsadida sodir etilgan boʻlsa —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xuddi shu harakatlar:

a) oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ma’lum boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa;

b) jabrlanuvchining oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;

v) oʻta xavfli retsidivist (jinoyatchi va avval sudlangan shaxs) tomonidan sodir etilgan boʻlsa;

d) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —

sakkiz yildan oʻn ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oldingi Keyingi